“Yosh mutafakkirlar” ramziy unvoni g‘olibligi uchun kurash
Universitetimiz professori, filologiya fanlari doktori Mirzaqulov Tursunali O‘tayevich joriy yilning 21 fevral kuni Nurafshon shahrida buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan Toshkent viloyati umumta’lim maktablari tanlovida hay’at a’zosi sifatida qatnashdi.
Viloyat Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan bu tanlovda hududiy bosqich g‘oliblari zakovat, aqliy teranlik, topqirlik, san’at sohasidagi bilim va mahoratlarini ko‘rsatishlari zarur edi.
-Tadbirni Oliy Majlis Senati a’zosi, “Adabiyot ziyosi” gazetasi bosh muxarriri, taniqli shoir Mahmud Toir ochar ekan, yoshlarga omad va muvafaqqiyat tiladi. Tanlov jarayonini viloyat Yoshlar ittifoqi Kengashi raisi Muhriddin Hamzayev boshqarib bordi.
Iste’dodlarning o‘ziga xos kashfiyoti bo‘lgan bu tanlovda viloyatimizning 17 shahar va tumanlaridan kelgan guruh (komanda)lar “Yosh mutafakkirlar” ramziy unvoni g‘olibligi uchun kurash olib bordilar. Tanlov yakunida g‘oliblarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.