Talabalar o‘rtasida grantlarni taqsimlashda o‘zlashtirishdan ko‘ra, ijtimoiy faollik muhimroqmi?
Hukumatning joriy yilgi 10-mart kunidagi 149-sonli qaroriga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faolligini aniqlash bo‘yicha baholash mezonlari keltirilgan.
Hozirda oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘rtasida grant o‘rinlarini qayta taqsimlash bo‘yicha onlayn arizalar qabul qilinmoqda. Bu jarayon orqali kontraktda o‘qiyotgan talabalar grantga o‘tishi, grantda o‘qiyotganlar esa kontraktga tushishi mumkin. Arizalar 20-iyulga qadar qabul qilinadi.
Baholash mezonlari umumiy 100 ballni tashkil etib, ikki asosiy yo‘nalishga bo‘linadi:
akademik o‘zlashtirish — 80 ball;
ijtimoiy faollik — 20 ball.
So‘nggi paytlarda foydalanuvchilar orasida “o‘zlashtirish kam ball bilan baholanmoqda” degan noto‘g‘ri tushunchalar tarqalmoqda. Chunki onlayn ariza topshirish sahifasida, masalan, talabaning o‘zlashtirishiga 10 ball, kitobxonlik madaniyatiga esa 20 ball ajratilgani ko‘rsatilgan.
Aslida esa, ijtimoiy faollik dastlab 100 ballik shkalada baholanib, keyin natija 5 ga bo‘linadi. Masalan, talabaning ijtimoiy faolligi 100 ball bo‘lsa, umumiy hisobda unga faqat 20 ball qo‘shiladi (100/5 = 20).
Ijtimoiy faollik 11 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi va ularning bir qismi talabaning o‘zlashtirishiga ham taalluqli.
Shu bois, grant taqsimlashda asosiy e’tibor talabaning o‘zlashtirishiga qaratiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy ballarning 82 foizi aynan akademik o‘zlashtirish uchun ajratiladi. Qolgan 18 foiz ball esa ijtimoiy faollik yo‘nalishlariga taalluqlidir.
Quyida ijtimoiy faollik bo‘yicha ballar taqsimoti keltirilgan:
Talabaning akademik o‘zlashtirishi — 82 ball
Kitobxonlik madaniyati — 4 ball
“5 muhim tashabbus” doirasidagi to‘garaklardagi faollik — 4 ball
Turli ko‘rik-tanlov, olimpiada va sport musobaqalaridagi natijalari — 2 ball
“Ma’rifat darslari”dagi faol ishtiroki — 2 ball
Ichki tartib qoidalari va odob-axloq kodeksiga rioya qilishi — 1 ball
Darslarga to‘liq va o‘z vaqtida kelishi — 1 ball
Volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi — 1 ball
Teatr, muzey, xiyobon, kino va tarixiy qadamjolarga tashriflar — 1 ball
Sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzi — 1 ball
Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi boshqa faoliyatlar — 1 ball